• 2020-09-06
  • 2066

O‘zbekiston qurilish sohasini modernizatsiyalash strategiyasi loyihasi e'lon qilindi

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

qo‘shimcha kichik tizimlar va ma'lumotlar bazalarini yaratish yo‘li bilan qurilish sohasini raqamlashtirish;

shaharsozlik sohasidagi normativ bazani modernizatsiyalash va xorijiy normativ hujjatlarni moslashtirish;

aholi punktlarini kompleks rivojlantirish tizimini takomillashtirish;

qurilish sohasida ayrim ruxsat berish tartibotlarini soddalashtirish yo‘li bilan “Biznes yuritish” xalqaro indeksida “Qurilish uchun ruxsatnomalar olish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi pozitsiyasini yaxshilash;

uy-joy ko‘chmas mulki qurilishida ulush kiritish asosida uy-joylarni qurish uchun aholi mablag‘larini keng jalb qilish orqali ipoteka krediti bozorini va ko‘p kvartirali uylar qurilishini rivojlantirish;

qurilish materiallarini ishlab chiqishga va obektlar qurilishiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish;

investitsiya loyihalari ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarda yiriklashtirilgan ko‘rsatkichlarga bosqichma-bosqich o‘tish;

institutsional asosning liberallashtirilishini hisobga olgan holda litsenziyalash prinsiplarini takomillashtirish, loyiha va pudrat ishlari potensialini kuchaytirish;

loyihaning smeta qismida davlat ekspertizasini bekor qilish yo‘li bilan ekspertiza ishlari tizimini takomillashtirish;

davlat, mualliflik va texnik nazoratni nodavlat sektorga yo‘naltirish orqali qurilish sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish;

aksiyalar paketini ilg‘or xorijiy investorlarga realizatsiya qilish orqali ilg‘or xorijiy kompaniyalari ishtirokida zamonaviy loyiha institutlarini tashkil qilish;

o‘qitishning zamonaviy va innovatsion usullari qo‘llanishini hisobga olgan holda qurilish yo‘nalishidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish tizimini takomillashtirish;

loyihalarni moliyalashtirishning davlat manbalari va ularga tenglashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirishda, davlat segmentlarining liberallashtirilganini hisobga olgan holda, nodavlat buyurtmachilar institutini shakllantirish va mustahkamlash;

o‘tkazilayotgan fundamental, qidiruv va amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar samaradorligini oshirish orqali qurilish va arxitektura sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirish;

qurilish obektlarida qurilish-montaj ishlarini bajarishda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga bo‘lgan talablarni kuchaytirish;

inson kapitalini rivojlantirish, qurilish organlari va muassasalari faoliyatini moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, ishchilarni ijtimoiy va moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha quyidagilarni ko‘zda tutuvchi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi:

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining elektron platformalarining ishlashi 2025 yilga kelib butun respublika bo‘yicha 100 foizgacha qamrab olinishiga erishish;

O‘zbekiston Respublikasining geologik, tabiiy-iqlimiy, seysmologik va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda shaharsozlik sohasida Yevrokodlar moslashuvi ulushini 2025 yilga kelib 50 foizgacha oshirish;

Davlat shaharsozlik kadastri geografik axborot tizimi obektlari bo‘yicha ma'lumotlarni, geoportal funksiyalari kengayishini hisobga olgan holda, ochiq foydalanish uchun e'lon qilinishi ulushini 2025 yilga kelib 70 foizgacha yetkazish;

“Biznes yuritish” (Doing Business Index) xalqaro indeksining “Qurilish uchun ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi pozitsiyasining 2025 yilga kelib joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash;

ilg‘or xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda 2025 yilgacha 15 ta zamonaviy loyiha-qidiruv institutlarini tashkil qilish;

2025 yilga kelib buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi nodavlat tashkilotlar ulushini Investitsiya dasturiga kiritilgan obektlar umumiy sonining kamida 25 foiziga yetkazish;

2025 yilga kelib “hajmli metod”ni joriy etish ulushini respublikadagi qurilish obektlari umumiy sonining 25 foizigacha yetkazish.

(manba kun.uz)

Foydali Sahifalar